KUNDALIK ODAT · ILMIY IZOHOVQATLANISH
Issiq ovqatni puflab sovutish — oddiy odatmi?
Puflaganimizda ovqatga faqat havo bormaydi. Bir necha daqiqa kutish nega yaxshiroq odat ekanini ikki kichik tajriba orqali ko‘ramiz.
Puflamaymiz. Biroz kutamiz — sovisin.
TALIMOON tahririyati

Issiq choy yoki ovqatni puflab sovutamiz. Ba’zan esa ota-ona bolaning qoshig‘idagi ovqatni puflab, keyin unga beradi.
“Ammo puflaganimizda ovqatga faqat havo bormaydi.”
Muammo nimada?
Nafas chiqarayotgan havoda karbonat angidrid, suv bug‘i va og‘iz hamda nafas yo‘llaridan chiqadigan mayda biologik zarrachalar mavjud. Ular bilan birga mikroorganizmlar ham oziq-ovqat yuzasiga ko‘chishi mumkin.
Olimlar nimani aniqlagan?
Indoneziyada, University of Darussalam Gontor tadqiqotchilari aynan issiq ovqatning puflangan va puflanmagan namunalarini laboratoriyada solishtirishdi.
12 soatdan keyin puflangan namunada 1.3 × 10³ CFU/ml, puflanmagan namunada esa 1.3 × 10² CFU/ml bakteriya koloniyasi aniqlangan — taxminan 10 baravar farq. Farq statistik jihatdan ham ahamiyatli bo‘lgan (p=0.001).
AQShdagi Clemson University tajribasida esa odamlar tortdagi shamlarni puflagach, oziq-ovqat yuzasidagi bakteriyalar nazorat namunasiga nisbatan o‘rtacha 1 400% ga ko‘paygan. Tadqiqot puflash orqali og‘izdagi bioaerozollar oziq-ovqatga ko‘chishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Nega bolalarda ehtiyot bo‘lish muhim?
Kichik bolalarning immun tizimi hali rivojlanib boradi. Agar kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizm ovqatga ko‘chsa, ayrim oziq-ovqat infeksiyalari qusish, ich ketishi, qorin og‘rig‘i, isitma va suvsizlanishga olib kelishi mumkin.
Bu har bir puflangan ovqat kasallik keltirib chiqaradi degani emas. Ammo keraksiz mikrobiologik ifloslanish xavfini oshirishning hojati ham yo‘q.
Yechim juda oddiy
Farzandingizga uch narsani odat qildiring:
UCHTA SODDA ODAT
- 01
O‘zi puflamasin
Issiq bo‘lsa, shoshilmasdan sovishini kutsin.
- 02
Boshqalarga puflatmasin
O‘z ovqatini boshqa odamga ham puflatmasin.
- 03
Puflanganini yemaslik
Puflangan ovqatni yemaslikni o‘rgansin.
“Puflamaymiz. Biroz kutamiz — sovisin.”
Bir necha daqiqa kutish qiyin emas. Sog‘lom odatlar esa aynan shunday kichik qarorlardan boshlanadi.
Manbalar
- Fathimah Fathimah, Lia Mustika va Inma Yunita Setyorini, “Blowing on the Hot Food Increasing Bacteria Contamination” · Darussalam Nutrition Journal, 2021 Havola
- Paul Dawson va hammualliflar, “Bacterial Transfer Associated with Blowing Out Candles on a Birthday Cake” · Journal of Food Research, 2017 doi:10.5539/jfr.v6n4p1