KITOBDAN XULOSAOTA-ONALAR UCHUN
“Qobiliyati otasiga tortgan...” Rostdan ham shundaymi?
Bolaning qobiliyati faqat nasl bilan belgilanadimi? Balki bugun ko‘rinmayotgan iste’dod o‘zini namoyon qilish uchun imkoniyat kutayotgandir.
Bolaning qobiliyatini faqat izlamang — uning rivojlanishi uchun muhit ham yarating.
TALIMOON tahririyati

“Otasi matematikaga kuchli edi, bolasi ham shunga tortibdi.”
“Onasi tillarni tez o‘rganadi, qiziga ham o‘tgan.”
Bunday gaplarni ko‘p eshitamiz. Bola biror narsani yaxshi bajarsa, buni ko‘pincha tug‘ma qobiliyat bilan tushuntiramiz.
Ammo Masaru Ibuka bunga boshqa tomondan qaraydi.
Uning fikricha, bolaning qanday qobiliyatlari rivojlanishida nasldan tashqari uning qanday muhitda ulg‘ayayotgani va dastlabki yillarda qanday tajribalar olayotgani ham katta rol o‘ynaydi.
“Ta’lim va tashqi muhit bola qobiliyatini rivojlantiruvchi asosiy omillardir.”
Xulosa chiqarishga shoshilmang
Bu fikr ota-ona uchun juda muhim.
Chunki “Unda bu qobiliyat tug‘ma yo‘q” deb o‘ylasak, bolaga o‘sha qobiliyatini kashf qilish imkoniyatini bermasdan turib xulosa chiqarib qo‘yishimiz mumkin.
Shuning uchun farzandingizni faqat bugun nimaga qodir ekaniga qarab baholamang.
Qobiliyatga imkoniyat kerak
Turli kitoblarni ko‘rsating. Yangi narsalarni sinab ko‘rishiga imkon bering. Savollariga javob bering. Nimaga ko‘proq qiziqayotganini kuzating. Biror ishni sekin o‘rgansa, darrov undan voz kechmang.
“Bolaning qobiliyatini faqat izlamang — uning rivojlanishi uchun muhit ham yarating.”
Chunki bugun hali ko‘rinmayotgan qobiliyat, balki o‘zini namoyon qilish uchun imkoniyat kutayotgandir.
Manbalar
- Masaru Ibuka, “Uchdan keyin kech” — Bolaning qobiliyati, ta’lim va tashqi muhitning ta’siri haqidagi qismlar.